Eron

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Eron Islom Respublikasi
جمهوری اسلامی ايران (Jumhuriye Islomiye Iron)
Eron davlat bayrogʻi   Eron davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Esteghlâl, Azâdi, Jomhouri-ye Islâmi
(Forscha: Mustaqil va ozod Islom Respublikasi)
Madhiya: Sorud-e Melli-e Iran, Imperial Salute
(former national anthem)
Eron Xaritasi
Poytaxt Tehron
Rasmiy til(lar) Fors
Hukumat Teokratiya
 •  Oliy Rahbar   Sayid Ali Xusayni Xameney
 •  Prezident   Hasan Ruhoniy
Tashkil topdi   1-aprel 1979
(Islom inqilobi)
Maydon  
 • Butun 1,648,000 km² (17-)
 • Suv (%) 0,7
Aholi  
 • 2013 roʻyxat 79 853 900[1] (18- oʻrin)
 • Zichlik 42/km²
YaIM (XQT) 2012- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$ 997,4 mlrd.[2] (18-)
 • Jon boshiga AQSh$ 13,100[2]
Pul birligi Eron reali (IRR)
Vaqt Mintaqasi (UTC+3:30 (yozda — UTC+4:30),)
 • Yoz (DST)
Qisqartma IR, IRN
Internet domen .ir
Telefon prefiksi +98

Eron, Eron Islom Respublikasi (Jumhuriye Islomiye Iron) — Janubiy Gʻarbiy Osiyodagi mamlakat; BMT aʼzosi. Maydoni 1,648,195 km². Aholisi 70,472,000 kishi (2006).[3] Poytaxti Tehron shahri Maʼmuriy jihatdan 30 oston (viloyat)ga boʻlinadi. Pul birligi eron reali.

Oʻrta Osiyo hududida joylashgan. Nafaqat Oʻrta Osiyo balki Butun Jahon boʻyicha neftni qazib chiqaruvchi nodir davlatlar roʻyhatiga kiritilib kelinmoqda.

Davlat tuzumi[tahrir]

Amaldagi konstitutsiyasi 1979 yil 2—5 dek.dagi referendumda tasdiqlangan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiya boʻyicha davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Rahbari (1989 yildan Said Ali Xomanaiy). Undan keyingi oliy rasmiy shaxs — prezident (2005 yildan Mahmud Ahmadiy Najod). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Islomiy Kengash majlisi (parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.

Tabiati[tahrir]

E. Old Osiyo togʻligi mintaqasining sharqiy qismida joylashgan va Eron togligining gʻarbiy qismini egallagan. E. shimolda Kaspiy dengiziga tutash, jan.da Fors va Ummon qoʻltiqlari bilan oʻralgan (ushbu qoʻltiqlardagi Keshm, Xoʻrmuz, Xark va boshqalar orollar E.ga tegishli). Sohillari pasttekislik, ayrim joylari mangra chakalakzorlari bilan qoplangan. Yer yuzasining yarmidan koʻprogʻi togʻli. Mamlakat hududining chekkalarida Shim. Eron, Sharqiy E. va Janubiy Eron togʻlari joylashgan. Eron togʻlari orasida Elburs togʻlari (Damovand choʻqqisi E.ning eng baland nuqtasidir, 5604 m) va TurkmanistonXuroson togʻlari alohida ajralib turadi. E.ning jan. gʻarbida Zagros togʻ tizmasi joylashgan. Chekka tizmalar oralarida 1000–2000 m balandlikdagi yassitogʻliklar bor. E.ning gʻarbida, Armaniston togʻligida soʻngan vulkanlar, ichki yassitogʻliklarda choʻl va landshaftli botiklar mavjud. E.ningjan. sohilini Garmsar tekisligi egallagan. E. neft va gaz zaxiralariga boy. Toshkoʻmir, temir va xrom rudalari, noyob elementlar, polimetall va mis rudalari, boksit, oltingugurt, surma, barit, tuz konlari va boshqalar bor.

Iqlimi. E. hududining katta qismida suptropik, kontinental, Fors va Ummon qoʻltiqlari sohillarida tropik iqlim; yozi issiq, qishi shim.da sovuq, jan.da iliq. Yanv.ning oʻrtacha t-rasi Tehronda 2’, Jasq shahri (Ummon qoʻltigʻi sohilida)da 19°; iyulniki xuddi shu joylarda 29 va 32°. Oʻrtacha yillik yogʻin 500 mm dan kam, faqat Elburs togʻlari yon bagʻirlarida 2000 mm gacha, Seyiston botigʻida 5060 mm. E.da daryo kam. Yirik daryolari: Qorun, Safedrud, Atrek, Araks, Hilmand, Shatt ulArab. Faqat Qorun daryosida kema qatnaydi. Togʻ oraligʻidagi botiqlarda oqmas koʻllar (Urmiya, Daryochai Namak va boshqalar) bor. Togʻ oldi tekisliklaridagi boʻz tuproklarda choʻl oʻsimliklari, togʻlardagi qoʻngʻir tuproqlarda dasht oʻsimliklari oʻsadi. Pastliklar shoʻrxok. Elburs togʻlarining shim. yon bagʻri keng bargli oʻrmon bilan qoplangan. E.ning jan.dagi qizil tuproqlarda savanna turidagi oʻsimliklar oʻsadi. Daryo vodiylari oʻtloq, tuprogʻi allyuvial. E.ning hayvonot dunyosi xilmaxil. Togʻlarda quyon, chiyaboʻri, togʻ echkisi, yoʻlbars, qoplon, jayra, vodiylarda tulki, boʻri, sirtlon, bugʻu, boʻrsiq va boshqalar yashaydi. Mamlakat markazidagi tekislikda kaklik, Fors qoʻltigʻi sohillarida saqoqush va qizil gʻoz, Kaspiy dengizida qimmatbaho baliq turlari — osyotr va beluga koʻp. Milliy bogʻlari: Kevir, Guliston, Urmiya, Markaziy Elburs va boshqalar

Aholisi[tahrir]

E.da 30 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Aholisining 75 % ga yaqinini eron tillari guruhiga kiruvchi xalqlar: fors, gilon, mozandaron, kurd, lor, baxtiyoriy, baluj, talish, afgʻon, tojik va boshqalar tashkil etadi. Turkiy til guruhiga kiruvchi turk, ozarbayjon va turkmanlar, shuningdek, arab, arman, ossuriy, gruzin, loʻli va boshqalar ham yashaydi. Rasmiy til — fors tili. Davlat dini — islom dinining shia mazhabi. Shahar aholisi 58,3 %. Yirik shaharlari: Tehron, Isfahon, Mashhad, Tabriz.

Tarixi[tahrir]

E. hududida odam ilk paleolit davridan yashaydi. Eronliklar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar Ossuriya yozma yodgorliklarida keltirilgan. Mil. av. 834 yilda shoh Salmanasar III ning sharqqa qilgan yurishini tavsiflovchi mixxat yozuvlarida qadimiy fors tilida soʻzlashuvchi xalqlar istiqomat qilgan Parsua mamlakati qayd etilgan. Mil. av. 3-ming yillik boshida E.ning jan.gʻarbida dastlab shahardavlatlar, keyinroq Elam davlati paydo boʻldi. Mil. av. 2-ming yillik davomida E. hududiga hinderon tillarida soʻzlashuvchi hindevropa qabilalari kirib kela boshlagan. E.ning hozirgi nomi oʻsha xalqlar — oriylar nomi (qad. eroncha aguapa — „oriylar mamlakati“) dan olingan. Bu davrda E. hududining bir qismi Ossuriya hukmronligi ostida boʻlgan. Mil. av. taxm. 673— 672 yillarda Ossuriyaga qarshi koʻtarilgan gʻalayon natijasida Eron togʻligining shim.gʻarbiy qismida Midiya davlati paydo boʻldi. Mil. av. 550 yil Midiya va Forsiya qirolligi oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush (553— 550)dan soʻng hokimiyat axomaniylar sulolasi qoʻliga oʻtdi. Yunonlar, keyinchalik Yevropaning boshqa xalqlari Forsiya nomini mamlakatning barcha qismiga taalluqli deb bilib, uni Forsiya (Persiya) deb atay boshlaganlar (Yevropa adabiyotida bu nom 1935 yilgacha saqlanib kelgan). Gʻarb bilan Sharq oʻrtasidagi savdo yoʻllarida oʻz hukmronligini oʻrnatish maqsadida Axomaniylar Yunoniston bilan urush olib bordilar. Mil. av. 330 yil Axomaniylar davlati Aleksandr Maqduniy qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchradi. Uning oʻlimidan soʻng E. Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Mil. av. 3-asr hozirgi E. va Turkmaniston chegaralarida Parfiya qirolligi vujudga kelib, mil. av. 2-asr oʻrtalarida E.ning barcha hududi uning tarkibida boʻlgan. Mil. av. 1-asrdan Parfiya Rim bilan uzoq muddatli urushga kirdi. Mil. 224 yil Parfiya qaramogʻidagi Forsiya hukmdori Ardasher I Parfiyaning soʻnggi qiroli Artaban V ni urushda yenggach, Sosoniylar davlatit* tuzdi. Sosoniylar hukmronligi davrida 3-asr oʻrtalarida moniylik, 5-asr oxirlarida mazdakiylik paydo boʻddi. 7-asrda E.ni arablar bosib oldi va u Arab xalifaligi tarkibiga kirdi. E.da islom dini tarqalib, 10-asrda aholining koʻp qismi unga eʼtiqod qilaboshladi. 9—10-asrlarda E. hududida noibliklar vujudga keldi. 900 yilda Xuroson va butun Sharqiy E. Somoniylar qoʻl ostiga oʻtdi, soʻng Sharqiy E. Oʻrta Osiyoning bir qismi va hozirgi Afgʻoniston hududi bilan birgalikda Gʻaznaviylar davlati tarkibiga kirdi. 11-asrda E.ga turkiy qabila (oʻgʻuz)lar kirib keldi. Ulardan biri — saljuqiylar gʻaynaviylar qoʻshinini tormor qilib, E.ni va unga qoʻshni mamlakatlarni bosib oldi va Saljukiylar davlatini tuzdi. 12-asr boshlarida Saljuqiylar davlati parchalanib, qator sultonliklar paydo boʻldi. 12-asr oxirida E. Xorazmshohlar davlatita qoʻshib olindi. 1220—56 yillarda E.ni moʻgʻullar bosib oldi va 14-asrning oʻrtalarigacha Hulokuiylar davlati tarkibida boʻldi. 14-asrning 30—80-y.larida Xurosonda moʻgʻul va mahalliy zodagonlar zulmiga qarshi Sarbadorlar koʻzgʻolonlari, 1350 yil Mozandaron va Gilonda Saidlar harakati boʻlib oʻtdi, natijada sarbadorlar va saidlar davlati paydo boʻldi. 16-asr boshida E.ning barcha qismi Safaviylar qoʻliga oʻtdi. 1502 yil shia mazhabi davlat dini deb eʼlon qilindi. 17a, oxiri — 18-asr boshlarida mamlakatning turli qismlarida zodagonlarga qarshi gʻalayonlar, shuningdek, asoratga solingan afgʻon, turkman, kurd, ozarbayjon va boshqalar xalqlarning ozodlik harakatlari boshlanib ketdi. Afgʻon qabilalarining 1709—22 yillardagi qoʻzgʻolonlari natijasida 1722 yil ular Safaviylar poytaxti boʻlmish Isfahonni egalladilar. Afgʻon xonlarining hukmronligiga qarshi xalq harakati boshlanib ketdi. 1723 yil E.ning shim.gʻarbiy va markaziy viloyatlariga bostirib kirgan turklar quvib chiqarildi. E.davlati Nodirshoh rahbarligida juda katta imperiyaga aylandi. 1747 yil fitna natijasida shoh oʻldiriddi va E.davlati parchalanib ketdi. 18-asr oxirida zand va qojar xonlari oʻrtasida uzoq davom etgan kurashdan keyin E.da Qojarlar sulolasi oʻrnatiddi. 18-asr oxiridan E. Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilik obʼyektiga aylandi. 19-asrdagi RossiyaEron urushlari natijasida muqaddam E. bosib olgan Kavkaz orti hududlari Rossiyaga oʻtdi. 19-asrning 50-y.lari oʻrtalarida mamlakatda ijtimoiyziddiyatlarning kuchayishi Bobiylar qoʻzgʻolonlarit oʻz aksini topdi. 19 a. 60-y.lari — 20-asr boshlarida E. asosan, Buyuk Britaniya va Rossiyaning yarim mustamlakasiga aylandi. 19-asr oxiridan zulm va ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi 1905—11 yillardagi Eron inqilobining boshlanishiga zamin yaratdi. Natijada konstitutsiya eʼlon qilindi, parlament (majlis) chaqirildi. 1911 yil oxirida Eron inqilobi Angliya va Rossiya tomonidan bostirildi. 1-jahon urushi yillari (1914— 18)da E. urushga kirgan davlatlarning harbiy harakatlari maydoniga aylandi. 1919 yil E. Buyuk Britaniya tomonidan bosib olindi. Mamlakatda milliy ozodlik kurashi avj oldi. Eron Ozarbayjoni (1920), Gilon va Mozandaron (192021), Xuroson (1921)da kuchli milliy ozodlik harakatlari boʻlib oʻtdi. 1921 yil 21 fevralda oʻng kuchlar Rizoxon qoʻmondonligi ostida davlat toʻntarishini amalga oshirdilar. Said Ziyovuddin rahbarligidagi yangi hukumat (ushbu hukumat tarkibida Rizoxon harbiy vazir boʻlgan) demokratik harakat yoyilib ketmaslik choralarini koʻrdi va jamoat tazyiqi ostida 1919 yilgi Angliya—E. bitimini bekor qildi. 1925 yil 12 dek.da Taʼsis majlisi Rizoxonni Rizoshoh Pahlaviy nomi bilan E. shohi deb eʼlon qildi. 1930-y.larning oʻrtalaridan E. Germaniya bilan aloqalarini kuchaytira boshladi. 2-jahon urushi yillari (1941 yil avg .da) E. hududiga sovet va ingliz qoʻshinlari kiritildi (1945 yil oxiri — 1946 yil mayda olib chiqib ketildi). 1941 yil 16 sentyabrda Rizoshoh taxtdan voz kechdi va uning oʻrniga oʻgʻli Muhammad Rizo Pahlaviy oʻtirdi. 1943 yil 9 sentyabrda E. Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi, lekin harbiy harakatlarda qatnashmadi. 1945—46 yillar E.da kuchli antiimperialistik va demokratik harakatlar avj oldi. Hukumat AQSH va Buyuk Britaniya yordamiga tayanib, bu harakatlarga chek qoʻydi. 1960-y.larning boshlarida mamlakatda ijtimoiy va ichki siyosiy vaziyat keskinlashdi. Shoh hukumati monarxiya tuzumi va harbiy qudratini mustahkamlash maqsadida islohotlar oʻtkazishga kirishdi (agrar islohotlar oʻtkazildi, maorif va sogliqni saqlash tizimini yaxshilashga oid ayrim tadbirlar amalga oshirildi). Ammo shoh tuzumining reaksion ichki siyosati, gʻarbparastligi E.da islom dinining fundamental qadriyatlarini tiklashga intiluvchi ruhoniylarning keskin qarshiligiga uchradi. 1979 yil fevral

da monarxiyaga qarshi inqilob natijasida shoh tuzumi agʻdarildi. Inqilobga surgundan qaytgan shialar yetakchisi oyatullo Humayniy (1964 yil mamlakatdan surgun qilingan) rahbarlik qildi. Muhammad Rizo Pahlaviy mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1979 yil 1 apr.dan mamlakat rasmiy ravishda E. Islom Respublikasi deb nomlandi. 1979 yil oxirida E. bilan Iroq oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashdi. E. bilan Iroq oʻrtasida Shatt ulArab daryosi boʻylab oʻtgan chegara xususidagi janjal qurolli toʻqnashuvga aylanib ketdi. 8 yil davom etgan bu mojaro ikki tomonni ham holdan toydirdi. Humayniy vafotidan soʻng (1989) hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat bir qancha ijobiy islohotlarni amalga oshira boshladi, tashqi siyosatda E.ni xalqaro miqyosda yakkalanib qolish holatidan chiqarish yoʻlini belgiladi.

E. 1945 yildan BMT aʼzosi. OʻzR suverenitetini 1991 yil 25 dek.da tan olgan va 1992 yil 10 mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 11 fevral — Islom inqilobi kuni (1979).

Siyosiy partiya va tashkilotlari. E. Islom Respublikasi konstitutsiyasiga binoan, E.da islomga aloqasi boʻlmagan siyosiy partiya va tashkilotlar faoliyati man qilingan. Hoz. kunda mamlakatning ichki siyosiy hayotida bir qator islom partiya va uyushmalari mavjud boʻlib, ular orasida eʼtiborga loyiq boʻlganlari Kurashayotgan ruhoniylar jamiyati, Islomiy Eron birdamlik partiyasi, Islomiy Eron hamjihatlik partiyasi, Taraqqiyotga xizmat qiluvchilar uyushmasi, Imom Humayniy siyosati tarafdorlari uyushmasidir.

Xoʻjaligi[tahrir]

E. — neft sanoati rivojlangan agrar industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda q.x. 21,3 %, sanoat 32,7 % (jumladan, neft va gaz qazib olish 18,7 %)ni tashkil etadi.

Sanoatida neft, gaz, koʻmir, xrom, qoʻrgʻoshinrux, mis, marganets va temir rudalari qazib olish katta ahamiyatga ega. Yiliga oʻrtacha 85 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Neftni qayta ishlash, neft kimyosi korxonalari bor. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik, oziqovqat, toʻqimachilik sanoati rivojlangan. Hunarmandchilik (gilam toʻqish, metall buyumlar tayyorlash) bilan ham shugʻullaniladi.

Qishloq xoʻjaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmogʻi hisoblanadi. Q.x.ning yetakchi tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — bugʻdoy; shuningdek, arpa, sholi, dukkakli don ekinlar ekiladi. Bogʻdorchilik (oʻrik, shaftoli, anjir, pista, xurmo, behi, anor, sitrus mevalar, yongʻoq va boshqalar), tokchilik, sabzavotchilik va polizchilik bilan mamlakatning hamma qismida shugʻullaniladi. Paxta ekiladi, qand lavlagi, shakarqamish, tamaki yetishtiriladi, choy oʻstiriladi. Chorvachiligida qoʻy, echki, qoramol, eshak, tuya, ot, xachir boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Pillachilik bilan shugʻullaniladi. Fors qoʻltigʻi va Kaspiy dengizida baliq ovlanadi.

Transporti[tahrir]

T.y.ning uz. 7,3 ming km. Ichki yuklarning asosiy qismi avtomobil transportida tashiladi. Avtomobil yoʻllarining uz. 167 ming km. Dengiz savdo floti tonnaji 8345 ming t dedveytni tashkil etadi. Fors qoʻltigʻidagi asosiy portlari: BandarAbbos, BandarHumayniy, Bushir, Xark, Obodon, BandarMohshahr; Kaspiy dengizida — Enzeli, Novshahr, Amirobod. Tehron, Sheroz, Isfahon, BandarAbbos, Obodon, Tabrizda xalqaro aeroportlar bor.

E. chetga neft va neft mahsulotlari, gilam, gaz, paxta, meva, teri, metall buyumlar chiqaradi; chetdan oziq-ovqat, mashina va jihozlar, sanoat xom ashyosi oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Kuvayt, BAA va boshqalar mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. E.da xorijiy sayyohlik rivojlangan. YUNESKO tomonidan qayd etilgan dunyo sivilizatsiyasi merosiga oid 12 tarixiy yodgorlikning 3 tasi E.da joylashgan. 2001 yil E.ni 1402160 xorijiy sayyoh ziyorat qildi, xorijiy sayyohlikdan tushgan daromad 1,112 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Pul birligi — rial.

Tibbiy xizmati[tahrir]

E.da oʻrtacha umr 69 yoshni tashkil etadi. 2003 yil 110797 oʻrinli 730 kasalxona (120 tasi xususiy), 307169 vrach, hamshira va farmatsevt ishladi. Vrachlar universitet va oʻrta maxsus tibbiyot bilim yurtlarida tayyorlanadi. Hoz. paytda E.da sogʻliqni sugʻurta qilish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari[tahrir]

E.da 5 yillik bepul majburiy boshlangʻich taʼlim joriy qilingan. 2 bosqichdan iborat 7 yillik oʻrta maktab mavjud. Mamlakatda savodxonlik koʻrsatkichi — 85,1 %. 2004 yil mamlakatdagi maktablarda 17 mln. 196588 oʻquvchi taʼlim oldi. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari ped. bilim yurtlarida, oʻrta maktab oʻqituvchilari Tehron universiteti qoshidagi pedagogika in-tida tayyorlanadi. Oliy maʼlumotli kadrlar Tehron universiteti, Tehrondagi E. milliy universiteti (1960), „Forobiy“ universiteti (1975), Sheroz, Mashhad, Isfahon, Mozandaron, Tabriz, Ahvozdagi untlarda, Tehron politexnika inti, Obodon neft instituti va boshqalarda tayyorlanadi. 2004 yil oliy oʻquv yurtlarida 1 mln. 673753 talaba oʻqidi. I.t.lar Tehrondagi fan va maorif taraqqiyotini tadqiq etish va rivojlantirish instituti (1969), E. madaniyati tadqiqot markazi (1971), Sanʼat va arxeologiya tarixi milliy markazi (1972)da, shuningdek, Tehron, Mashhad, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz untlari va boshqalar oliy oʻquv yurtlarida ham olib boriladi. Yirik kutubxonalari: Milliy kutubxona (1935), Parlament kutubxonasi (1924), untlar huzuridagi kutubxonalar. Madaniyat vazirligi tizimida 1502 ta kutubxona mavjud. E.da arxeologiya va etn. muzeyi, Guliston saroyi muzeyi (1894), Milliy badiiy muzey, Gilamlar muzeyi bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. E.da bir qancha gaz. va jur. nashr etiladi. Asosiylari: „Abror“ („Adolatli“, fors tilidagi kundalik gaz., 1985 yildan), „Keyhon“ („Koinot“, fors tilidagi kundalik oqshom gaz., 1942 yildan), „Risolat“ (fors tilidagi kundalik gaz., 1985 yildan), „Egteloot“ („Axborot“, fors tilidagi kundalik kechki gaz., 1925 yildan), „Ettelooti haftagi“ („Hafta yangiliklari“, fors tilidagi bezakli haftalik jur., 1941 yildan). Islom Respublikasi axborot agentligi (IRNA), 1934 yil tashkil etilgan. „Eron Islom Respublikasi ovozi“ milliy radiosi 1971 yil tuzilgan. E. televideniyesiga 1971 yil asos solingan.

Adabiyoti[tahrir]

E. adabiyotini shartli ravishda 3 bosqichga boʻlish mumkin: qadimiy, oʻrta asr va zamonaviy. E. adabiyotining ilk namunalari qadimiy fors tilida yaratilgan. Qahramonlik eposining dastlabki koʻrinishlari Axomaniylar davriga mansub mixxat bitiklarida oʻz aksini topgan. E. arablar tomonidan zabt etilib (7-asr), uning hududi xalifalik tarkibiga kirgandan soʻng E. adabiyoti arab tili va islom taʼsirida shakllandi. 9-asrga kelib adabiyotda fors tilining mavqei kuchaydi. 10-asrning 2-yarmidan boshlab fors tili Sharqda sheʼriyat tili darajasiga koʻtarildi. 10—15-asrlar E. nazmining yuksalish davri hisoblanadi. Bu davrda Firdavsiy, Umar Xayyom, Saʼdiy, Rumiy, Hofiz kabi dunyo adabiyotining yorqin yulduzlari oʻzlarining oʻlmas asarlarini yaratdilar. Ularning sheʼriyatida gumanizm, insonning ulugʻ mavjudot ekanligi, maʼnaviy barkamollik sari intilish gʻoyalari tarannum etildi. Fors adabiyotining durdonasi boʻlmish Firdavsiyning „Shohnoma“ dostoni maydonga keldi. Bu davrda E. adabiyotining mumtoz janrlari boʻlgan ruboiy, qasida, gʻazal va qitʼa yanada takomillashdi. Shu bilan birga Abdullo Ansoriy, Farididdin Attor va boshqalarning asarlarida sufiylik tariqati gʻoyalari oʻz aksini topdi. Moʻgʻullar tomonidan E.ning ishgʻol etilishi (1220—56) natijasida madaniy hayot inqirozga yuz tutdi. 13-asrning 2-yarmiga kelib E. adabiyotida madhiya va qahramonlik eposlari rivoj topdi. 16-asr oxiri E. adabiyotida shia mazhabiga xos marsiya sheʼriy janri shakllandi. Bu davrga kelib E. mumtoz adabiyoti saroy sheʼriyati doirasida taraqqiy etdi. 17-asr E. adabiyotida hind uslubi (sabke hindi) ustunlik qila boshladi. Bu hol 18-asrda Eron shoirlari Mushtogʻ Isfahoniy, Sabohiy Bikdeliy Koshoniy, Hotif Isfahoniy va boshqalarning eʼtiroziga uchrab, E. adabiyotida „bozgasht“ (qaytish) deb atalmish yangi yoʻnalishning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu yoʻnalish ilk E. mumtoz sheʼriyatiga xos uslubni qayta jonlantirishga qaratilgan saʼyiharakatlar bilan ifodalanadi. 19-asrda E. adabiyotida yodnoma va safarnomalar paydo boʻlib, yangi fors nasriy janriga asos solindi. E.da keng quloch yozgan milliy ozodlik harakati (1905—1921) publitsistika va satirik sheʼriyatning shakllanishiga turtki boʻldi. M. Bahor, A. Lohutiy ijodida adolatsizlikka qarshi kurash gʻoyalari namoyon boʻldi. 20-asrda E. adabiyotida roman va realistik hikoya janri rivoj topdi. Bu davrda Murtazo Mushfiq Kozimiyning „Qoʻrqinchli Tehron“ (1924), Abbos Kozimiyning „Mashaqqatli hayot“ (1931), Yahyo Davlatobodiyning „Shahrnoz“ (1926), Said Nafisiynij „Farangis“ (1931) nomli asarlari chop etildi. 20-asrning 30-y.larida E. sheʼriyatiga yangi sheʼriy janr „sheʼri nou“ kirib keddi. Anʼanaviy aruz vaznidan voz kechib, erkin uslubda sheʼr yaratish bu yoʻnalishning xaraterli jihatidir. E. sheʼriyatidagi yangi yoʻnalishning asoschisi Nimo Yushij (1895—1961) hisoblanadi. 1940—50 yillar nasrda ijtimoiy hayotni aks ettiruvchi bir qator realistik asarlar yaratildi. Sodiq Hidoyat (1903—51)ning „Daydi it“ (1943), „Hoji ogʻo“ (1945), Boʻzoʻrg Alaviyning „Ellik uch“ (1942), „Uning koʻzlari“ (1952) hikoyalari jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Islom inqilobidan soʻng E. adabiyotida ozodlik va inqilobni tarannum etuvchi sheʼrlar, EronIroq urushida qatnashgan jangchilarning mardligi va vatanparvarligini aks ettiruvchi asarlar, diniy yoʻnalishda yozilgan sheʼriy toʻplamlar keng oʻrin oldi.

Meʼmorligi[tahrir]

E. hududidagi meʼmoriy yodgorliklar uzoq oʻtmishga borib taqaladi. E.da neolit davriga oid paxsadan qurilgan turar joylar (Koshon yonidagi TepeSialk, Sheroz yaqinidagi TaliBakun) topilgan. Midiya qirolligi davri (mil. av. 1-ming yillikning 1-yarmi)da uning poytaxti Ekbatana atrofida (hoz. Hamadon) istehkom devorlari barpo etilgan. Axomaniylar davrida saroy meʼmorligi keng rivoj topdi (Pasargada, Persepolis, Suzadagi saroy majmualari). Axomaniylar saroy meʼmorlik uslubiga hashamatlilik, hayvon haykalchalari bilan bezatilgan baland ustunlar xos. Asosiy qurilish materiallari — xom gʻisht, tosh va yogʻoch. Toʻrtburchak shaklidagi zardushtiylik ibodatxonalari ham shu davrga mansub meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Parfiya qirolligi davrida hovli tomoni ochiq ayvonli saroylar qurilgan. Sosoniylar davrida shaharlar tez surʼatlar bilan barpo etila boshlandi. Shaharlar doirasimon yoki toʻgʻri toʻrtburchak tarhli qilib, qalin devor bilan oʻraldi. Bino qurilishida tosh, pishiq gʻisht, yogʻoch ishlatilgan, tom qismi esa yoysimon shaklga ega boʻlgan. Keyinchalik gumbazlar paydo boʻlgan. Sosoniylar davri saroylariga hashamatli ayvon va baland ustunlar xos. E.ning arablar tomonidan zabt etilishi (7-asr) meʼmorlikda yangi uslubdagi binolarning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu davrda koʻplab karvonsaroy, masjid, minora, maqbara, tim, madrasa va hammomlar qurildi. Devor bilan oʻralgan qoʻplab shaharlar barpo etildi. Shaharning 4 darvozasini bogʻlovchi 2 asosiy xiyobonning kesishgan nuqgasi saroy, bozor va masjid joylashgan markaziy maydonni tashkil etdi. Baʼzi hollarda shahar markazida ark barpo etildi. 12-asrga kelib masjid qurilishida E.ga xos uslub paydo boʻldi (toʻrt tomoni ayvon va boloxonalar bilan qurshalgan hovli hamda gumbazli bino). Masjid yonida yuqori qismi torayib boruvchi aylana minora qad koʻtardi. Bu paytgacha minoralar sakkiz burchak shaklida qurilgan. 13—14-asrlar oʻrtalarida E.da madrasa, masjid, xonaqoh va minoradan tarkib topgan yaxlit ansambllar paydo boʻldi. E. Temuriylar davlati tarkibiga kirgan davr (14—15-asrlar)da meʼmorlikda gumbazlarni koʻk koshin bilan bezash odat tusiga kirdi. Masjid, madrasa va boshqalar binolarning old qismiga koshinlardan rangli zeb berildi (Mashhaddagi Gavharshod begim masjidi, 1405—18, meʼmor Qavomiddin Sheroziy). 14—16-asrlarda shahar qurilishi avj oldi, shahar ansambllari (Yangi Isfahon) bunyod etildi, saroylar devoriy rasmlar, mozaika bilan bezatildi (Isfahondagi Ali Qopu, Chehel Sutun saroylari, Qazvindagi saroylar). Safaviylar davriga kelib, E. meʼmorligida hashamatlilikka keng oʻrin berildi, binolarni murakkab va koʻrkam naqshlar bilan bezash, ulkan favvoralar qurish rasm boʻldi. Shaharlarda muhtasham majmualar qurish rejasi hayotga tatbiq etildi. Isfahondagi Shoh maydoni atrofida barpo etilgan saroy, masjid, karvonsaroy va bozor yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil etdi. 18—19-asrlarda yuz bergan iqtisodiy inqiroz E.da qurilish koʻlamining keskin kamayishiga olib keldi. 20-asrga kelib, E. meʼmorligida yangi shakldagi binolar paydo boʻldi (Tehrondagi universitet binosi, 1930-y.lar; Tehron yaqinidagi „Xilton“ mehmonxonasi, 1962). Turar joy, ijtimoiy maskanlar, sanoat majmualari, koʻpriklar qurilishida. oyna, metall va temirbeton konstruksiyalar keng qoʻllandi. E. meʼmorlari binolarni barpo etishda zamonaviy meʼmorlik uslubi va milliy anʼanalardan foydalandilar (Hamadondagi Ibn Sino maqbarasi, 1952; Mashhaddagi Nodirshoh maqbarasi, 1961; Nishopurdagi Umar Xayyom qabri ustiga qurilgan pavilonrotonda, 1963).

Tasviriy sanʼati[tahrir]

E. sanʼati 8 ming yil davomida shakllanib kelgan. E. hududidan topilgan gʻorlardagi odam, hayvon, oʻsimlik va ov qurollarining devoriy rasmlari tasviriy sanʼatning ilk namunalari sifatida eʼtirof etiladi. Mil. av. 12—7-asrlarga oid qabrlardan qimmatbaho metalldan ishlangan badiiy bezak buyumlar, bronza haykalchalar topilgan. Axomaniylar davrida kumush va oltindan yasalgan idishlar, zargarlik buyumlari, tamgʻa, tangalar kandakorlik bilan bezatilgan. Sosoniylar davri tasviriy sanʼatida haykaltaroshlik asosiy oʻrin egalladi (Mozandarondagi bronza byustlar), 9—13-asrlarda amaliy bezak sanʼati rivojlandi. Nishopur, Koshon, Sultonobod kabi shaharlar kulollik markazlari sifatida shuhrat qozondi. Har xil rangli shishalardan idish va buyumlar tayyorlandi. E. milliy sanʼatining asosiy turlari (gilamchilik, sopol idishlarga chizilgan naqshlar, xattotlik) arablar bosqiniga qadar shakllandi, biroq oʻzining yuksak choʻqqilariga islom dini davrida erishdi. E. tasviriy sanʼatiga geometrik shakllar, oʻsimlik naqshlari, afsonalardan olingan lavhalar, hayvonlar tasviri xosdir. Gʻarbda fors tasviriy sanʼati miniatyura sifatida tanilgan. E. rassomlari oʻz asarlarida afsonaviy qahramonlar va shohlarni hamda E. mumtoz adabiyoti asarlaridagi lavhalarni mohirlik bilan aks ettirdilar.

Qurʼon matnlarini bezash sanʼati yuksak choʻqqilarga koʻtarildi. E. Arab xalifaligi tarkibiga kirgandan soʻng xattotlik sanʼati rivojlandi. Bu sanʼat turining rivojlanishi Temuriylar davriga toʻgʻri keddi. Xattotlikning mohir ustasi Mir Eʼmod Hasaniy Seyfi Gʻaznaviy (1617 yil vafot etgan) boʻlgan. Qojarlar sulolasi hukmronligi davrida xattotlikning „shikastanastaʼliq“ shakli ravnaq topib, hozirgi qunga qadar qoʻllaniladi. 15—17-asrlar miniatyura sanʼatining rivojlanish davri hisoblanadi. Tabriz va Isfahon miniatyura maktablari shuhrat qozondi (yana q. Tabriz miniatyura maktabi, Isfahon miniatyura maktabi). Bu davrda yaratilgan miniatyura asarlari naqshga boy boʻlib, ranglar jilosi va nafisligi bilan ajralib turadi. E. miniatyuralarida realizm yoʻnalishi ham keng oʻrin olgan. Ushbu uslubning yorqin namoyandasi Rizo Abbosiynit asarlarida urush lavhalari, ayollar siymosi aks ettirilgan. Uning yaratgan miniatyuralari Isfahondagi Chehel Sutun va Ali Qopu saroylari devorlarida muhrlanib qolgan. 19-asrda E. miniatyura sanʼati gʻarb madaniyati taʼsiri ostida inqirozga uchradi. 20-asr boshlarida E. rassomligida realizm yoʻnalishi katta oʻrin egalladi. Haykaltaroshlik, rassomlik sanʼati va fafika (ayniqsa, kitob bezagi, reklama plakatlari) yuksala boshladi. Hasan Ali Vaziriy, Muhsin Muqaddam, Abulqosim Sodiqiy kabi rassom va haykaltaroshlar oʻz asarlarida oddiy xalq hayotidan olingan lavhalarni aks ettirdilar. 1920 yil Kamol ulMulk Tehronda rassomlik va haykaltaroshlik maktabini tashkil etdi. Zamonaviy tasviriy sanʼat milliy maqtabining asoschilaridan biri Akbar Tajvidiy (1925—95)dir. Hoz. davrda tasviriy sanʼat anʼanalarini E.ning mashhur rassomlari M. Farshchiyon, A. Rustamiyon, P. Kalontariy, Yo.Tabotaboiy, Otashzod va boshqalar davom ettirmoqdalar. Tasviriy sanʼatda modernizm uslubi rivojlandi. 1959 yil Tehronda Bezak sanʼati oliy maktabi ochildi. Xalq sanʼatida yogʻoch, suyak, sadaf oʻymakorligi, kandakorlik rivojlangan (markazi — Isfahon va Sheroz). 2000 yil Eron BA tashkil etilgan. Islom madaniyati va tasviriy sanʼati boʻyicha turli yirik xalqaro badiiy koʻrgazmalar, xattotlar tanlovlari oʻtkazish keng tus olgan.

Musiqasi[tahrir]

E.ning mumtoz va xalq musiqasi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. qadimiy davr musiqasi haqida maʼlumotlar saqlanmagan, ammo musiqiy cholgʻu va ohanglar E. musiqa madaniyatining Mesopotamiya musiqiy anʼanalari bilan chambarchas bogliqligini koʻrsatadi. Xalq musiqasida tasnif, tarona, qasida, gʻazal, dastgoh keng tarqalgan. E. milliy musiqa cholgʻulari: nay (nayilabak, „haft band“, nayianbon), surnay, kamoncha, qonun, setor, rubob, borbat, tor, santur, doira, toʻnbak. 6-asrga kelib saroy sanʼati, bastakorlar ijodi (Borbat va boshqalar) ravnaq topdi, xalq orasida mutriblar (xonandaraqqos) shuhrat qozondi, musiqa nazariyasi shakllandi. Arab istilosi davrida E. musiqasi arabmusulmon madaniyati taʼsiriga uchradi, bir vaqtning oʻzida arab hamda fors musiqasi unsurlarini oʻzlashtirdi. 13-asrda bastakor, musiqa nazariyotchisi Safiuddin alUrmaviy mashhur boʻldi. 19-asr ning 2-yarmidan boshlab E. musiqasiga Yevropa musiqasi taʼsir koʻrsatdi, Tehronda Shoh kolleji qoshida Yevropa uslubidagi musiqa maktabi ochildi. 20-asrning 20-y.larida bastakor, Tehron universiteti prof. Ali Naqi Vaziriy milliy musiqa taʼlimini yoʻlga qoʻydi, musiqa nazariyasiga oid asar yaratib, musiqa maktabi ochdi. 30-y.larning boshlarida Tehronda Oliy musiqa maktabi (40-y.larda konservatoriyaga aylantirildi)oʻz ishini boshladi, filarmoniya jamiyati (1940), X.Sanjariy rahbarligida simfonik orkestr (1946) tashkil topdi. A. Vaziriy, A. Sabo, A. Rashidiy kabi kompozitorlar mashhur boʻlgan. Hoz. kunda E.da, asosan, folklor guruhlari, milliy cholgʻu ansambllari mavjud. Shu bilan birga 20-asr oxirlaridan milliy va Yevropa ohanglarini uygʻunlashtirgan estrada va orkestr ijrosiga ham katta eʼtibor berilmoqda. 1968 yildan Sherozda milliy sanʼat festivallari oʻtkazib turiladi. Musiqa sanʼatini rivojlanishiga Mirzo Abdullo, Darveshxon, Mahmud Karami, Faromirzo Poydur, Abu alHasan Sabo katta hissa qoʻshgan, hozirda Husayn Malik, Tohir Zoda, Shahnoz, Shojarayon kabi sanʼatkorlar mashhur.

Teatr sarchashmalari qadimiy marosimlardan boshlanadi. Baʼzi manbalarda qadimiy „bozigar“ (oʻrta asrlardagi masxarabozlar teatrini eslatadi) teatri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saqlanib qolgan. E.da pantomima, koʻgʻirchoq va soya teatrlari qadimdan mashhur. Oʻtmishda niqoblar namoyishi va marosim („sade“) tomoshalari uyushtirilgan. 10-asrdan boshlab imom Husayn vafotiga bagʻishlangan diniy yoʻnalishdagi sahnalar qoʻyilgan. 17—18-asrlarda fors tragediyasi turlaridan biri — taʼziya vujudga keldi. 20-asrning 30-y.lariga qadar E.da masxarabozlar teatri mavjud boʻlgan. 1890 yil Tehronda saroy teatri tashkil topdi. 20-asr boshlarida E.da „Farhang“ („Madaniyat“) teatr hissadorlik jamiyati taʼsis etildi. 1911 yil E. milliy teatriga, 1917 yil Yevropa uslubidagi E. komediya teatriga asos solindi. 1929 yildan boshlab E. teatrlarida ayollar faoliyat koʻrsata boshladi. 1932 yil rassom S. Kermonshohiy Tehronda teatrstudiya tashkil etdi. Ushbu maskan mamlakatning ilgʻor teatr sanʼati markaziga aylandi. 1930—40 yillar teatrlarda, asosan, Yevropa dramaturglarining asarlari sahnalashtirildi. E. teatr sanʼatining yuksalish davri 1960y.larga toʻgʻri keldi. 1963 yil Tehronda professional aktyorlarni tayyorlovchi drama studiyasi tashkil etildi, doimiy teatr gu. .ruhlari, jumladan „Bugungi teatr“ (rahbari M. Jafariy) va Milliy truppa (rahbari M. Javonmard) paydo boʻldi. 1968 yildanSherozda har yili teatr festivali oʻtkaziladi. 1979 yilga qadar E.da varyete teatri ham mavjud boʻlgan. Islom inqilobidan soʻng teatr sanʼati inqirozga yuz tutdi. Hoz. kunda diniy ruhdagi spektakllarni sahnalashtirish uchun ruxsat berilgan. Ayollarning teatrda faoliyat koʻrsatishi man etilgan.

Kinosi[tahrir]

1920 yilda Tehronda birinchi kinoteatr ochildi. 1930 yil komediya janridagi ilk badiiy film yaratildi. 1934 yil dastlabki ovozli film suratga olindi. 1946 yil „Mitrafilm“ (1948 yildan „Forsfilm“) kinostudiyasi tashkil etildi. 1950-y.larda suratga olingan „Port oʻgʻrisi“ filmi mamlakatning eng mashhur kino asariga aylandi. 60-y.larning oxiri — 70-y.larda tarixiy, afsonaviy, muhabbatni tarannum etuvchi film va musiqiy komediyalar, jumladan, „Mozandaron yoʻlbarsi“ (rej. S. Xachikiyon), „Intizorlik sohili“ (rej. S. Yosimiy) kabi filmlar yaratildi. 1955 yildan Tehronda xalqaro, 1964 yildan milliy kinofestivallar oʻtkaziladi. 1964 yil Kino sanʼatining oliy kengashi tuzilgan. Usha davrning taniqli rej.lari I. Kushon, M. Muhsiniy, S. Yosimiy, S. Xachikiyon, Sh. Rafiyo milliy kinematografiyani rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdilar. 1970-y.larda yiliga 100 dan ortiq badiiy film yaratildi, mamlakatda 500 ga yaqin kinoteatr ishladi. Islom inqilobidan keyingi davrda kino sanʼati inqirozga uchradi. Filmlar ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi (yiliga 30 ta). Mamlakatda aksariyat kinostudiya va kinoteatrlar oʻz faoliyatini toʻxtatdi. 1980—81 yillar boryoʻgʻi 11 film yaratildi. 1980-y.lar oxiriga kelib kinematografiya qayta tiklana boshladi. Davlat tomonidan koʻrsatilgan yordam hamda gʻarb filmlariga qoʻyilgan cheklashlar evaziga E.da oʻziga xos milliy kino yaratildi va iqtidorli kinoartistlar yetishib chiqdi. 1990-y.larning oʻrtalarida E. filmlari xalqaro miqyosga chiqdi. „Olcha taʼmi“, „Shamol bizni olib ketadi“ (ikkalasining rej. A. Kiyorustami), „Qandahor“ (rej. M. Maxmalbof), „Ota“, „Osmon bolalari“, „Jannat rangi“ (uchalasining rej. M. Majidiy) kabi filmlar Kann, Turin, Berlin va Moskva kino anjumanlarida eʼtiborli sovrinlar sohibi boʻldi. Bu filmlarda davrning ijtimoiy va madaniy muammolari, insonlar oʻrtasidagi munosabatlar, hayot falsafasi haqqoniy aks ettirildi.

Oʻzbekiston — Eron munosabatlari[tahrir]

Asosiy maqola: Oʻzbekiston — Eron munosabatlari.

Demografiyasi[tahrir]

Eron aholisi 70,472,000 kishini tashkil qiladi. Eroning rasmiy tili fors tilidir, ammo Eronning 30 % aholisi turkiy tilli xalqlardan tashkil topgan . [4] [5] [6] [7] [8]

Manbalar[tahrir]

  1. Census.gov (2013). Country Rank. Countries and Areas Ranked by Population: 2013. U.S. Department of Commerce. Asl nusxadan arxivlandi (2013-05-09). 2013-05-09.
  2. 2,0 2,1 CIA - The World Factbook. 2013-03-16.
  3. Britannica Encyclopedia, Iran, p.۱/۱۰۱
  4. سیری در تاریخ زبان و لهجه های تؤرکی ، دکتر جواد هیئت
  5. ترکان و بررسی تاریخ زبان و هویت آنها در ایران ، حسن راشدی
  6. Ahmet Caferoğlu, Türk Kavimleri, Enderun Kitabevi, İstanbul, 1988, s. 64 — 72.
  7. فرهنگ جغرافیایی ملی ترکان ایران ، دکتر پناهیان
  8. http://tarikhegomshodeh.site88.net/IranTurkleri.jpg

Qoʻshimcha Maʼlumotlar[tahrir]