Grenada

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
GrenadaWappen.JPG
Flag of Grenada.svg

Grenada (Grenada) — Karib dengizidagi Grenada o. va Grenadina o.lari jan. qismidagi davlat. BMT aʼzosi. Mayd. 344,5 km2. Aholisi 98,9 ming kishi (1999). Poytaxti — Sent-jorjes shahri. Maʼmuriy jihatdan 7 tumanga boʻlingan.

Davlat tuzumi[tahrir]

G. — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibida mustaqil davlat. 1974 y. Konstitutsiyasiga muvofiq davlat boshligʻi Buyuk Britaniya qirolichasi. Qirolicha nomidan general-gubernator ish koʻradi. Qonun chiqaruvchi organ ikki palatali (senat va vakillar palatasi) parlamentdir. Ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi xukumat amalga oshiradi. Parlament saylovida koʻpchilik ovoz olgan partiyaning rahbari bosh vazir etib tayinlanadi.

Tabiati[tahrir]

G. orollari vulkanlardan hosil boʻlgan. Hozir ham bu yerda bir necha vulkan choʻqqilari bor (eng baland nuqtasi 840 m). Iqlimi — subekvatorial, dengiz iqlimi. Oʻrtacha yillik t-ra 26° atrofida, yillik yogin 1500 mm dan oshadi. Sernam tropik oʻrmonlari doimo yashil.

Aholisining 50% dan koʻprogʻi negrlar, 40% duragaylar; indeyslar va yevropaliklar ham yashaydi. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlar — asosan xristian. Shahar aholisi — 32%.

Tarixi[tahrir]

Orolni 1498 y. X. Kolumb kashf etgan. 1650 y.dan Fransiya egallagan. 1783 y. Versal sulh shartnomasiga binoan Buyuk Britaniya mustamlakasi. 1967 y.da Buyuk Britaniya uni "Buyuk Britaniya b-n birlashgan davlat" deb eʼlon qildi. 1974 y. fevralda mustaqillikka erishdi. Shu yildan G. — BMT aʼzosi. Milliy bayramlari — 7 fevral — Mustaqillik kuni (1974), 13 mart — Inqilob kuni (1979).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari[tahrir]

Milliy partiya, 1989 y.da tuzilgan; Milliy demokratik kongress partiyasi, 1987 y.da asos solingan; Yangi milliy partiya, 1984 y.da tuzilgan; G. birlashgan leyboristlar partiyasi, 1950 y.da asos solingan; Moris Bishop nomidagi vatanparvarlik harakati partiyasi, 1984 y.da tuzilgan. G. kasaba uyushmalari kengashi 1955 y.da tuzilgan.

Xoʻjaligi[tahrir]

Iqtisodiyotining asosini q. x. tashkil etadi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 15,5%, sanoatning ulushi — 6%. Asosan banan, kakao, kokos yongʻogʻi, muskat yongʻogʻi (jahonda 2-oʻrin), paxta, sitrus mevalar, shakarkamish yetishtiriladi.

Chorvachiligida qoramol, choʻchqa boqiladi; baliq ovlash, oʻrmonchilik ham rivojlangan.

Sanoatida q. x. mahsulotlarini qayta ishlab, yogʻ, rom, pivo, alkogolsiz ichimliklar, shuningdek, mebel, kiyim-kechak ishlab chiqaradigan kichik korxonalar bor. Yiliga oʻrtacha 51 mln. kVt-soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Xorijiy sayyohlar mamlakat iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega. T. y. yoʻq. Asosiy dengiz porti va xalqaro aeroporti — Sent-Jorjes sh. Chetga muskat yongʻogʻi, banan, kakao chiqaradi; chetdan oziqovqat va sanoat mollari, transport vositalari, yoqilgʻi, mashina, asbob-uskuna, maʼdanli oʻgʻit, kiyim-kechak va b. keltiriladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Pul birligi — Sharqiy Karib dollari.

Maorifi. G. maorifi inglizcha tizim taʼsirida tarkib topgan. 6—14 yoshli bolalar uchun majburiy bepul taʼlim joriy etilgan. Xususiy maktablar ham bor. Boshlangʻich maktabda ham, oʻrta maktabda ham oʻqish muddati — 7 y. Hunar-texnika va ped. bilim yurtlari bor. G.da VestIndiya universitetining 1 ta f-ti joylashgan.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. G.da ingliz tilida "Gavernment gazett" ("Hukumat gazetasi"), "Grenada gardian" ("Grenada posboni"), "Grenadian voys" ("Grenada ovozi") haftalik gaz.lari chiqadi. "Grenada brodkasting netuork" radioeshittirish xizmati 1972 y.da tuzilgan, "Grenada brodkasting korporeyshn televiji" telekoʻrsatuv xizmati mavjud.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil