Kipr Respublikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kipr Respublikasi
Κυπριακή Δημοκρατία
Kypriakí Dimokratía
Kıbrıs Cumhuriyeti
Kipr davlat bayrogʻi   Kipr davlat gerbi
Bayroq Gerb
Shior: Yoʻq
Madhiya: Hymn to Freedom
Kipr Xaritasi
Poytaxt Nikosiya
Rasmiy til(lar)
Hukumat Prezidentlik Respublika
 •  Prezident   Dimitris Christofias
Mustaqillik   Birlashgan Qirollikdan
 •  Sana   16-avgust 1960
Maydon  
 • Butun 9,250 km² (168-)
 • Suv (%)
Aholi  
 • 2002 roʻyxat 780,133 (159- oʻrin)
 • Zichlik 84/km²
YaIM (XQT) 2005- yil roʻyxati
 • Butun AQSh$4,540 mil. (161-)
 • Jon boshiga AQSh$5,820
Pul birligi Yevro (CYP)
Vaqt Mintaqasi (UTC)
 • Yoz (DST)
Qisqartma CY
Internet domen .cy
Telefon prefiksi +357

Kipr (yunoncha Kypros, turkcha Kibris), Kipr Respublikasi (yunoncha — Kypriaki Dimokratia, turkcha — Kibris Gumhuriyeti) — Gʻarbiy Osiyoda, Oʻrta dengizning sharqiy qismidagi Kipr o.da joylashgan davlat. Mayd. 9251 km². Aholisi 762,8 ming kishi (2001). Poytaxti — Nikosiya sh. Maʼmuriy jihatdan 6 okrug (district)ra boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Kipr — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1960 y.da qabul qilingan va keyinchalik toʻzatish hamda qoʻshimchalar kiritilgan. Davlat boshligʻi prezident (1993 y.dan Glafkos Kliridis). Prezident kiprlik yunon jamoasi, vitse-prezident kiprlik turk jamoasi tomonidan toʻgʻri saylov yoʻli bilan 5 y.ga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat Vakillar palatasi (yunon va turk jamoalari vakillaridan iborat bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni prezident va vitse-prezident boshkaradi hamda hukumat (Vazirlar Kengashi)ni tayinlaydi. Prezident hukumatga boshchilik qiladi.

Tabiati[tahrir]

Qir va togʻ koʻp, sharqi pasttekislik. Shim. qirgoklari tik va serqoya. Shim. sohili boʻylab Kireniya (1023 m gacha) va Karpas tizmalari (364 m gacha) joylashgan. K. hududining markaziy va jan. qismida Troodos togʻ massivi bor (eng baland joyi 1951 m). Shim. va jan.dagi tizmalarni keng Mesaoriya tekisligi (bal. 200 m gacha) ajratib turadi. Qazilma boyliklardan xromit, temir va mis rudalari, asbest va b. bor. Iqlimi subtropik Oʻrta dengiz iqlimi. Yozi issiq (25—35°), qishi yumshoq (10—15°), seryogʻin. Yillik yogʻin tekislikda 300–500 mm, togʻlarda 1000–1300 mm. Togʻ etaklari va tekisliklarda doim yashil butazorlar, Kireniya va Karpas tizmalarining ohaktoshli jan. yon bagʻirlarida dasht oʻsimliklari oʻsadi. K. hududining 18% oʻrmon: dub, sarv, halab qaragʻayi, togʻ vodiylarida yulgʻun, sambit oʻsadi. Ilon, toʻngʻiz, kaltakesak, buqalamun, kalxat, burgut va b. bor.

Aholisining 78% kiprlik yunonlar, 18% kiprlik turklar. Inglizlar, arablar, armanlar, italyanlar ham yashaydi. Yunon va turk tillari — rasmiy. Yunonlar pravoslav, turklar islom diniga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi 68%.

Tarixi[tahrir]

K. hududida odam neolit davridan yashaydi. Mil. av. 15—11-a.larda K.ni axeylar, 9-a.da finikiylar, 8-a. oxirida ossuriylar, 6-a.da axomaniylar bosib oldi, 333—323 y.larda makedoniyalik Aleksandr, 294—58 y.larda Ptolemeylar davlati, 58 y.dan Rim imperiyasi qoʻl ostida boʻldi. Rim imperiyasi qulagach (mil. 395 y.), K. Vizantiya tarkibiga oʻtdi. 648 y. orolni arablar, 1191 y. salibchilar egʻalladi. 1489—1571 y.larda Venetsiya, 1571 y.dan Usmonli turk davlatiga karam boʻldi.

19-a.da kiprlik yunonlarning K.ni Yunonistonga qoʻshish harakati paydo boʻldi. 1878 y. K.ni Buyuk Britaniya bosib oldi. 1925 y. K. Angliya mustamlakasi maqomini oldi. 1931 y. ingliz hukmronligiga qarshi stixiyali qoʻzgʻolon boshlandi, lekin uni mustamlakachilar shafqatsizlik bilan bostirdi. 2-jahon urushi yillari (1939—45) 20 mingdan ortiq kiprlik ingliz qoʻshinlari safida Germaniyaga qarshi urushda qatnashdi. Urushdan keyin K.da milliy ozodlik harakati avj olgach, Buyuk Britaniya yon berishga majbur boʻldi. 1960 y. 16 avg .da K. mustaqil respublika deb eʼlon qilindi. Makarios III prezident, F. Kichik vitse-prezident etib saylandi.

K.dagi yunon va turk jamoalari oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, mamlakat prezidenta kiprlik yunonlardan va vitse-prezidenti kiprlik turklardan saylanar edi. Biroq 1963 y.da kiprlik yunonlar bilan kiprlik turklar oʻrtasidagi munosabat keskinlashib, natijada ikkala jamoaning birgalikdagi faoliyati toʻxtadi. 1965 y.da yunon jamoa palatasi bekor qilindi. 1967 y. dek.da kiprlik turklar "Muvaqqat turk maʼmuriyati"ni toʻzdilar. 1983 y.da "Shim. K. turk respublikasi" eʼlon qilindi, ammo Shim. K. turk respublikasi K. Respublikasi hukumati tomonidan tan olinmagan. 1964 y. martdan buyon bu yerda BMT qoʻshinlari turibdi. Xalqaro hamjamiyat vositachiligida K. muammosini bartaraf etish yuzasidan jamoalar oʻrtasida moʻzoqaralar oʻtkazilyapti. K. 1960 y.dan BMT aʼzosi. OʻzR bilan diplomatiya munosabatlarini 2001 y.da oʻrnatgan. Milliy bayrami — 1 okt. — Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari[tahrir]

Demokratik partiya (shu nomdagi yunonlar partiyasi 1976 y.da, turklar partiyasi 1992 y. da tuzilgan); Demokratik yigʻin, 1976 y.da asos solingan; Sotsial-demokratlar harakati, 2000 y.da Yagona markaz demokratik ittifoqi asosida tuzilgan; Liberal partiya, 1986 y.da barpo etilgan; Birlashgan demokratlar, 1996 y.da tuzilgan; Milliy birlik partiyasi, 1975 y.da turk jamoasi asos solgan; Ijtimoiy ozodlik partiyasi, 1976 y.da turk jamoasi toʻzgan; K. mehnatkash xalq ilgʻor partiyasi (AKEL), 1926 y.dan 1941 y.gacha faoliyat koʻrsatgan K. kommunistik partiyasining vorisi sifatida 1941 y.da tuzilgan; Respublikachi turk partiyasi, 1970 y.da asos solingan. Kasaba uyushma birlashmalari: Umumkipr mehnat federatsiyasi, 1946 y.da tuzilgan; K. mehnatkashlar konfederatsiyasi, 1944 y. da tuzilgan; K. turk kasaba uyushma federatsiyasi (Turksen), 1954 y.da asos solingan; K. inqilobiy kasaba uyushmalari federatsiyasi (Devish), 1976 y.da tuzilgan.

Xoʻjaligi[tahrir]

K. — agrar-industrial mamlakat. Iqtisodiyotda xizmat koʻrsatish sohasining salmogʻi katta. Yalpi ichki mahsulotda bu sohaning ulushi 47%, q. x. ulushi 8%, sanoatning ulushi 20%. Mamlakat maydonining 65% ishlanadi, shundan 12% sugʻoriladi. Asosiy ekinlari — bugʻdoy, arpa, suli, kartoshka, dukkakli va poliz ekinlari. Oʻzum, bodom, yongʻoq, sitrus, zaytun, paxta, tamaki, sabzavot ham yetishtiriladi. Togʻlarda qoʻy, echki, choʻchqa, qoramol boqiladi. Pillachilik rivojlangan, sohillarda baliq, suv jonivorlari ovlanadi. Mahalliy maʼdan zahiralari asosida konchilik sanoati mavjud. Asosan, eksport uchun mis, temir, xrom rudalari, marmar, asbest, gips qazib olinadi. Ishlab chiqaruvchi sanoat kichik-kichik toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻn-poyabzal, vinochilik, yogʻ, tamaki, konserva va b. korxonalardan iborat. Sement ishlab chiqariladi. Larnaka sh.da chetdan keltirilgan neft asosida ishlovchi neft mahsulotlari z-di bor. 1 y.da oʻrtacha 2,1 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Hunarmandchilik (temirchilik, kulolchilik) rivojlangan.

Chet el sayyohligi tez surʼatda rivojlanib, xorijiy valyuta tushumining asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. K.da ishlab turgan 17 mingdan koʻproq offshor kompaniya yiliga oʻrtacha 200 mln. dollar daromad keltiradi. Asosiy transport turi — avtomobil. Avtomobil yoʻllari oʻz. — 10,2 ming km dan ortiq, shundan 4,2 ming km ga yaqini asfaltlangan. Dengiz floti rivojlangan. Asosiy dengiz portlari — Famagusta, Limasol. Xalqaro aeroportlari — Nikosiya, Larnakada. Chetga, asosan, maʼdanli xom ashyo, sitrus mevalar, oʻzum mahsulotlari, kartoshka, tayyor kiyim va b. chiqaradi, chetdan mashina va asbobuskuna, oziq-ovqat, kimyoviy moddalar, neft mahsulotlari oladi. Savdo-sotikdagi mijozlari: Yevropa Ittifoqi davlatlari va arab mamlakatlari. Pul birligi — kipr funti.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari[tahrir]

Mamlakatda yunoncha va turkcha taʼlim tizimlari mavjud. Yunoncha tizim: 6—14 yoshdagi bolalar uchun taʼlim majburiy, bepul. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 6 y., oʻrta maktabda ham 6 y. Oliy taʼlim chet elda, asosan, Yunonistonda olinadi. Bir qancha oʻquv yurtlari — ped. akademiyasi, texnika instituti, oʻrmon-texnika inti va b. toʻliq oliy maʼlumot bermaydi. Turkcha tizim: 6—15 yoshdagi bolalar uchun taʼlim majburiy, bepul, boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 6 y., oʻrta maktabda ham 6 y. Ped. kolleji bor. Nikosiyada K. ilmiy tadqiqot markazi (1967 y.dan), K.ni oʻrganish jamiyati (1936 y.dan), K. geogr. jamiyati (1968 y.dan) va b. ishlaydi. Nikosiyada Faneromeni ommaviy kutubxonasi, maorif vazirligining kutubxonasi, Famagusta sh.da ommaviy kutubxona, shuningdek, K. muzeyi, Tarix muzeyi, Xalq sanʼati va lapidariy muzeyi, Larnaka, Limasol, Famagusta sh.larida muzeylar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. K.da bir qancha gaz. va jur. lar nashr etiladi. Yiriklari: "Agon" ("Koʻrash", yunon tilidagi kundalik gaz., 1964 y.dan), "Alitiya" ("Haqiqat", yunon tilidagi kundalik gaz., 1951 y.dan), "Birlik" (turk tilidagi kundalik gaz., 1980 y.dan), "Filelefteros" ("Liberal", yunon tilidagi kundalik gaz., 1956 y.dan), "Xalqin sesi" ("Xalq ovozi", turk tilidagi kundalik gaz., 1941 y.dan), "Haravgi" ("Tong", yunon tilidagi kundalik gaz., 1956 y.dan), "Neos dimokratis" ("Yangi demokrat", yunon tilidagi jur.). K. axborot agentligi 1976 y.da tashkil etilgan. K. radioeshittirish korporatsiyasi hukumat radio va televideniye tijorat xizmati boʻlib, 1953 y. tashkil etilgan. Radioeshittirish 1953 y.dan, telekoʻrsatuv 1957 y.dan olib boriladi. Adabiyoti yunon va turk tillarida.

Yunon tilidagi K. adabiyoti yunon adabiyoti bilan oʻzviy bogʻliq holda taraqqiy etgan. Stasinning "Kipr dostonlari" (mil.av. 6-ming yillik), Afroditani sharaflovchi "Gomer madhiyalari" K. adabiyotining ilk namunalaridir. 8—10-a.larda shakllangan K. shevasidagi "Digenis Akrit" eposi (12—13-a.lar), "Ishqiy lirika" (14— 15-a.lar) va b. folklor asarlari yozib olingan. Yozma adabiyot 19a. oxiri — 20-a. boshlaridan rivojlana boshladi. V. Mixailidis sheʼrlarida xalqning ingliz mustamlakachilariga qarshi koʻrashi aks etdi. 20-a. boshlarida yozuvchilar N. va M. Nikoladislar, shoirlardan T. Piyeridis, T. Antias va b.ning asarlarida oʻtkir ijtimoiy muammolar aks etdi. 1960 y.da mustaqillikka erishilgach, K. yozuvchilari yosh davlatning eng dolzarb muammolarini yoritdi. 1968 y.dan keyin yozuvchi Y. Filippu-Piyeridis va shoir A. Piliotis adabiyotda yetakchi rol oʻynadi. P. Lyasidis K. shevasida xalq sheʼriyati anʼanalarini davom ettirdi.

Turk tilidagi K. adabiyotida, asosan, sheʼriyat rivojlandi. Kenzi va Sukuti Ismoil ogʻa, Hasan Xilmi Afandi, Myuftyu Roji va b. 19-a.ningtaniqli shoirlaridir. Nozif Sulaymon Ebe oʻgʻli, Urkiye Mine, Mahmud Levent va b. taraqqiyparvar yozuvchilar hisoblanadi. Dramaturgiya F. Korkut, Yu. Ulutug va b. ijodida rivojlandi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati[tahrir]

K.ni moʻzey orol deb ataydilar. Hoz. K. hududida ilk neolit (Xirokitiya manzilgohidagi doirasimon turar joylar) va jez (turli rasmlar solingan sopol idishlar, tosh butlar, jez buyumlar va h.k.) davrlariga oid yodgorliklar topilgan. Mil. av. 3-ming yillikning 2-yarmidan idishlarni odam, hayvon, oʻsimliklar surati va b. bilan bezashda oq, qizil, qora ranglardan foydalanila boshlandi. Soʻnggi jez davridan (mil.av. 1400-1050 y.) shaharlarning qoldiqlari, goʻzal rasmlar solingan keng ogʻizli koʻzalar, zargarlik buyumlari, fil suyagiga ishlangan boʻrtma naqshlar va b. saqlangan. Mil. av. 4-a. — mil. 4-a.larda meʼmorlik va tasviriy sanʼat mumtoz yunon va ellin sanʼati, keyinchalik Rim sanʼati taʼsirida rivojlandi. Qushlar, nilufar guli tasvirlangan idishlar shu davrga mansub. 13—15-a. cherkovlari gotika uslubida qurildi. 1960-y.lardan meʼmorlik, rassomlik, grafika tez rivojlana boshladi. Xalq sanʼatida yogʻoch oʻymakorligi, kulollik, kandakorlik (kumushdan zarb qilish), toʻr toʻqish va kashtachilik rivojlangan.

Musiqasi qad. Vizantiya imperiyasi chegaralarini himoya qilgan jangchilar haqidagi qoʻshiqlar, fransuz, turk va ingliz hukmronligi davrida paydo boʻlgan, ozodlikni madh etuvchi lirik qoʻshiklar hanuzgacha saqlangan. K.da yunon va turk qoʻshiqlari, cholgʻu asboblari keng tarqalgan.

20-a. boshlarida professional musiqa madaniyati paydo boʻla boshladi. Solomon va Yangos Mixailidislar K.da dastlabki va mashhur kompozitorlardir. S. Mixailidis Limasolda konservatoriyaga (1934), K.da birinchi sim-fonik orkestrga (1938) va Nikosiyada konsert jamiyatiga asos soldi. U sim-fonik, kamer asarlar yaratdi. Ya. Mixailidis koʻplab ommaviy qoʻshiqlar, simfonik asarlar va b. yaratgan. Zamonaviy kompozitorlardan A. Limburidis, G. Kotsonis, S. Violaris, K. Kosteaslarni koʻrsatish mumkin.

K.da 4 konservatoriya, bir qancha shaharlarda musiqa bilim yurtlari, havaskor xor jamoalari, ashula va raqs ansambllari bor.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Kipr, (Kipr Respublikasi) poytaxti — Nikosiya shahri. BMT aʼzosi. Kipr – O’rta er dengizidagi Kipr orollarida joylashgan davlat. 1960 yil 16 avgustda Buyuk-Britaniyadan mustaqillik olgan, Britaniya hamkorligi a’zosi. Yunon va turk jamoalari o’rtasida to’qnashuvni keskinlashuvi tufayli dekabr 1967 yilda «muvaqqat turk ma’muriyati» tuzilgan. 1975 yil 13 fevralda orolning shimoliy qismida, jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan Turkiya federativ davlati e’lon qilingan, u 1983 yil 15 noyabrda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi deb atalgan. Ma’muriy bo’linishi: 6 okrugdan iborat. O’zgartirish va qo’shimchalar bilan 1960 yil 16 avgustda qabul qilingan Konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshlig’i – Prezident. U aholini 80% ni tashkil etuvchi yunon jamoasi tomonidan saylanadi. Vitse-prezident turk jamoasi tomonidan saylanadi. Ularning vakolat muddati 5 yil. Parlamenti – Vakillar palatasi, 80 ta deputatdan iborat. Ularning 56 tasi yunon jamoasi, 24 tasi turk jamoasi tomonidan saylanadi. 1963 yil dekabrdan boshlab turk jamoasi saylovda ishtirok etmayapti. Ijro hokimiyati Prezident va vitse-prezident tomonidan amalga oshiriladi. Ular hukumat – Ministrlar Kengashini tayinlaydi va uni boshqaradi. Turk jamoasi hukumatda ishtirok etmaydi.