Muhammad Ali (Misr)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muhammad ali (1769, Kavala sh., Makedoniya — 1849.2.8, Iskandariya) — Misr hukmdori (podshosi) (1805— 49). 1952 y. iyul inqilobigacha hukmronlik qilgan sulola asoschisi, asli alban, yanicharlardan. M.A. tamaki sotish bilan shugʻullangan, 45 yoshida oʻqishni oʻrgangan. 1799—1801 y.larda turk armiyasi tarkibidagi alban otryadiga boshchilik qilib, Misrdagi Turkiya— Fransiya urushida qatnashgan. Umar Makram boshchiligidagi Qohira musulmon ulamolariga tayanib hokimiyatni egallagan (1805). M.A. dastlab Umar Makramni qatl etgan, soʻngra mamluk beklarini qirib tashlab, nomigagina Turkiyaga tobe, aslida Misrning yakka hokimiga aylangan. Muntazam armiya tuzib, uning yordamida Arabiston ya.o. (1811-18), Sharqiy Sudan (1820-22)ni bosib olgan, Grek mshtliy ozodlik inqilobini bostirishda qatnashgan (1824—28), Turkiya sultoniga qarshi urushlar olib borgan (1831—33 va 1839—40). Harajatlarni qoplash maqsadida vaqf, mamluklar va ijaradorlarning yerlarini davlat ixtiyoriga tortib olgan. 1829 y.dan yerlarni oʻz yaqinlariga boʻlib bera boshlagan. M.A. maʼmuriy idoralarni qaytadan tashkil etgan, q.x., sanoatni rivojlantirish tadbirlarini koʻrgan. Bu ishlarni amalga oshirishda chet el, asosan, fransuz mutaxassislariga tayangan. Uning davrida tashqi savdo rivojlangan; bir necha dunyoviy maktablar ochgan. Misr yoshlarini chet ellarga oʻqishga yuborgan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil