Jigar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

bag’ir/jigar — hazm bezi. Odam va hayvonlarda ovqatning hazm boʻlishi va soʻrilishida qatnashadi, yogʻ va uglevodlarni zaxiraga yigʻadi. Xordali hayvonlar va odamda J. — murakkab, xayot uchun muhim aʼzo. Baliq va amfibiyalarda J. sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilardagiga nisbatan kattaroq; yirtqich hayvonlarda oʻtxoʻr hayvonlarnikiga nisbatan katta. J. shakli hayvonning gavda tuzilishiga bogʻliq.

Odamda J. — organizmdagi eng katta bez (vazni 1200—2200 g). Qorin boʻshligʻida, diafragmaning tagida, oʻng qovurgʻalar va qisman chap qovurgʻalar ostida yotadi. Rangi qizgʻish-qoʻngʻir, kattaroq oʻng boʻlagi bilan kichikroq chap boʻlagi bor. Oʻrta qismining pastki yuzasidagi koʻndalang chuqurcha J. darvozasi yoki qopqasi deb ataladi. Shu joydan J.ga arteriya, darvoza venasi, nervlar kiradi va J.ning oʻt yoʻli, jigar venasi chiqadi. Bu oʻt yoʻli oʻt pufagidan chiqqan yoʻlga qoʻshilib, oʻn ikki barmoq ichakka quyiladigan umumiy oʻt yoʻlini hosil qiladi.

J. organizmning markaziy biokimyoviy lab.si boʻlib, turli-tuman funksiyalarni bajaradi; J. boʻlmasa, odam, hayvon yashay olmaydi. J. bir sutkada 600—700 g oʻt (safro) ishlab chiqarib, ovqat hazm boʻlishida va oziq moddalarning ichakdan qonga soʻrilishida muhim rol oʻynaydi; oqsillar, yogʻlar va uglevodlar almashinuvida qatnashadi; bundan tashqari, moddalar almashinuvida hosil boʻladigan yoki tashqaridan kirgan zaharli moddalarni zararsizlantirib, himoya funksiyasini bajaradi. J.ning maxsus yulduzsimon hujayralari fagotsitozga va anti-telolar hosil qilishga qodir. J. qonni yigʻib tura oladi. J. embrional rivojlanishda qon elementlari va gemoglobin hosil qilishda ham ishtirok etadi. Organizmdagi jami qonning 1/5 qismi J. tomirlariga sigʻishi mumkin. Qondagi ortiqcha suv qisman J.da ajralib chiqib, oʻt va limfa hosil boʻlishiga ketadi. J. oʻtni uzluksiz ishlab, oʻzining oʻt yoʻli orqali chiqaradi; oʻn ikki barmoq ichakka oʻt kirishi ovqatlanish vaqtida boshlanib, meʼda ovqatdan boʻshamaguncha davom etadi. Boshqa vaqtda esa umumiy oʻt yoʻlining halqasimon muskuli (sfinkteri) qisqarib, shu yoʻlning teshigini berkitib turadi. J.da hosil boʻladigan oʻt pufagiga kirgach, quyulib qorayadi, chunki undagi suv va qisman boshqa baʼzi moddalar oʻt pufagi devoridan qonga oʻtadi.

Hazm sistemasidan qonga oʻtgan hamma moddalar J.ga kelib, qisman murakkab moddalar tuzilishiga sarf boʻladi, qisman esa parchalanadi. Mac, qon bilan kelgan amino kislotalardan qon oqsillari (albuminlar, globulinlar va boshqalar) hosil boʻladi, bir qancha moddalar (fruktoza, galaktoza, laktoza, glitserin)dan J.da glyukoza sintezlanadi, bundan esa glikogen vujudga keladi. Glikogen J. hujayralarida zaxirada turadi va organizm koʻproq energiya sarflayotgan vaqtda glyukozaga aylanib, qonga oʻtadi.

J. pigmentlar almashinuvida qatnashadi; unda gemoglobin yemiriladi va bilirubin hosil boʻlib, eriydigan holga keladi. J.da yogʻsimon moddalar (lipoidlar) ishlanib chiqadi va qon bilan boshqa aʼzo, toʻqimalarga borib, moddalar almashinuvida. qatnashadi. J.da xolesterin, protrombin va geparin ham sintezlanadi.

Qon bilan J.ga keladigan moddalardan baʼzilari organizmga zararli boʻlishi mumkin. Shu moddalarni zararsizlantirish, qisman esa oʻt bilan chiqarib yuborish J.ning vazifasidir. Mac, qoʻrgʻoshin, mishyak va boshqa zaharli moddalar J.da ushlanib qoladi, soʻngra bezarar organik moddalar (koʻpincha oqsil moddalar) shaklida organizmdan chiqib ketadi. Organizmda oqsillar parchalanishidan hosil boʻladigan ammiak, qisman siydik kislota ham J.da mochevinaga aylanib, organizmdan siydik bilan chiqib ketadi (mochevina esa kamroq zaharli va yaxshi eriydigan moddadir).

Organizmda zararli moddalar koʻplab paydo boʻlganda (maye, hazm aʼzolarining surunkali kasalligida, alkogolizmda) J. funksiyalari buziladi, bu esa ogʻir kasalliklarga olib keladi. J. kasalliklaridan oʻtkir va surunkali yalligʻlanish jarayonlari, shuningdek, parazitar kasalliklar uchraydi (qarang Gepatit, Jigar sirrozi, Exinokokkoz).

Nosir Axmedov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil