Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti nafaqat O`zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda birinchi va yetakchi oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi: 15 ta fakultet, 80 ta kafedra, 16 ta qo‘shma ta’lim dasturi, Bitiruvchilar soni 200 000+

O‘zbekiston Milliy universiteti sayyoramizning 1000dan ortiq ommaviy axborot vositalari sahifalarida

➡️Batafsil

Joriy yilning may oyida Nobel mukofotiga nomzod alban-amerikalik shoir, tarjimon va badiiy tanqidchi Jek Marinay O‘zbekistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, Xorijiy filologiya fakultetida ham bo‘ldi. Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan tashkil etilgan ijodiy kecha yuqori kayfiyatda o‘tdi. Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan mashhur mehmonga yuzlanganda uning hayoti va ijodini yaxshi bilishlari, she’rlarini yoddan aytib bera olishlari, berilayotgan ba’zi puxta savollar shoirni hayratda qoldirgan.  Uchrashuvdan so‘ng Jek Marinay adabiyotga bo‘lgan e’tibori va talabalarning ingliz tilida ona tilidek muloqot qilishlaridan hayrat va xursandchiligini yashira olmay: “Milliy universitet men tashrif buyurgan ko‘p sonli universitetlar orasida yuqori beshtasidan biri”, deb ta’rif bergan edi. O‘sha paytda uning bu so‘zlari har qanday mehmonning mezbonga bildiriladigan odatiy minnatdorchilik so‘zlari sifatida qabul qilingan edi. 
Quvonarli jihati shuki, adibning O‘zbekiston Milliy universiteti haqidagi taassurotlari xalqaro matbuot tarqatuvchi PR.com sayti “O‘zbekiston Milliy universiteti shoir Jek Marinayning eng yaxshi beshta ta’lim muassasasi qatoridan joy oldi” nomli maqolasida yoritib berilgan. PR.com hisobotida ushbu maqola dunyoning 1000 dan ortiq ommaviy axborot vositalari tomonidan o‘z veb sahifalarida e’lon qilinganligi ko‘rsatilgan.

Jek Marinay o‘z intervyusida “Dunyoning koʻplab universitetlarida maʼruza oʻqiganman va turli uchrashuvlarda qatnashganman, biroq ishonch bilan aytishim mumkinki, Oʻzbekiston Milliy universiteti men tashrif buyurgan oliy taʼlim muassasalarining yuqori beshtaligiga kiradi”, deb e’tirof etadi. Adib universitetning Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori R. Shirinova, Xorijiy filologiya fakulteti dekan X. Bakiyev va shu fakultet o‘qituvchilari X.Jalilova hamda K.Yusupovaga o‘zbekona mehmondo‘stlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirgan. Suhbat davomida shoir O‘zbekiston Milliy universitetining yutug‘i, nafaqat, uning ziyo ulashuvchu tajribali professor-o‘qituvchilari yoki bilimga chanqoq talabalari, balki ular o‘rtasida o‘rnatilgan konstruktiv munosabatlar ekanini ta’kidlagan. “Ularning muvaffaqiyat siri bir-birlarining akademik ehtiyojlari va individual tashabbuslarga befarq emasligidir”, deya qo‘shimcha qilgan Jek Marinay. Talabalar haqida so‘z yuritar ekan, Jek Marinay universitet kelajagi ishonchli qo‘llarda ekanligiga ishonch bildirdi.

Dunyo tan olgan bunday buyuk shaxslarning e’tirofi o‘z oldiga xalqaro reytinglarda yuqori cho‘qqilarni zabt etish maqsadini qo‘ygan O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi uchun mustahkam ko‘prik vazifasini bajaradi.