Mir Said Bahrom maqbarasining tarixiga nazar

Mir Said Bahrom maqbarasining tarixiga nazar

Navoiy viloyatining kam tilga olinsada buyuk tarixi, o‘zining turizm ixlosmandlariga ega va ko‘zga ko‘ringan obyektlari kam emas, albatta. Mana shunda buyuk tarixiga ega bo‘lgan Mir Said Bahrom maqbarasi ham shular jumlasidandir.

Mir Said Bahrom haqidagi dastlabki maʼlumotlar XVIII-XIX asrlarda yashagan tarixchi Abu Tohir Xoji Samarqandiyning «Samariya» asarida keltirilgan. Unda Mir Said Bahrom yetuk ulamo, din arbobi, taqvodor, karomatlar sohibi, komillikka erishgan avliyo bo‘lib, silsilasi bo‘yicha payg‘ambarimiz Muhammad a.s ga borib taqaladi, deyilgan. Asarda u bilimi, donishmandligi va moʻjiza yarata olish qobiliyati tufayli xalq orasida hurmat va eʼtiborga ega inson sifatida tilga olinadi. 

Mir Said Bahrom ukalari Mir Said Ohu va Mir Said Jalol bilan Karmanaga islom dinini targ‘ib qilish maqsadida kelib qolganlar. Ular bu yerga qalandar sifatida tashrif buyurganlar. Ularning tug‘ilgan va vafot etgan vaqti maʼlum emas. Bu zukko, aqlli, bilimli va, o‘z navbatida, karomatli shaxslar mahalliy xalq tomonidan ardoqlanib, kutib olingan. Mir Said Bahromning Buxoro xonligidagi hurmat-eʼtiborini hisobga olib, unga atab Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasiga o‘xshash maqbara qurganlar. Mir Said Bahrom maqbarasi Karmana shahridagi Oxunboboyev (hozirgi Farg‘ona ) nomli ko‘chasi bilan Mir Said Bahrom nomli ko‘chasining kesishgan qismida (sobiq yahudiylar mahallasining shimoliy chegarasida) joylashgan. Mir Said Bahromning ukasi Mir Said Ohu Fayzulla Xo‘jayev nomli (hozirgi №2 sonli ) maktab darvozasining chap tomonida dafn qilingan, qabri uzra sag‘ana va tug‘ ko‘tarilgan. Mir Said Bahromning kichik ukalari Mir Said Jalol esa Mir Said Ohu sag‘anasining kunchiqar tomonida, undan taxminan 150 m narida, xuddi shu taxlitda ko‘milgan. O‘sha davrda bu yerdagi mozorlar ular nomi bilan atalgan.

Mir Said Bahrom yirik savdogar bo‘lgan. O‘z kasbining ustasi Mir Said Bahrom savdogarlik qilib Karmanadan o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li orqali Afg‘oniston, Eron hamda arab davlatlariga borib savdo-sotiq bilan shug‘ullangan. Orttirgan mol-dunyosidan ko‘plab xayr-ehsonlar berib, obro‘-eʼtiborga sazovor bo‘lgan. U Islom ilmiy asoslari – fiqh, tarix ilmini puxta bilgan. Umrining oxirlarida tasavvuf yo‘liga o‘tib, sohibi karomatga aylangan. Shu yo‘l bilan avliyolik darajasiga yetishgan.

Mir Said Bahrom Somoniylar sulolasining vakili bo‘lgan va Karmana hokimi yetib tayinlangan. Karmana shahridagi bu meʼmoriy yodgorlik X–XI asrlarga mansubdir. Ko‘rinishi sodda, to‘rtburchak shaklida qurilgan. Binoning ichki o‘lchami 4,4x4,4 metr. Balandligi 7,5 metr. Tomi oddiy gumbazdan iborat. Binoning old tarafiga geometrik naqshlar va kufiy usulida yozuvlar bitilgan. Peshtoqning ikki chekkasi va karnizi mayda g‘ishtlardan jimjimador qilib bezatilgan. Yon va orqa devorlari bezaksiz. Imorat meʼmoriy ashyolarining o‘zaro mutanosibligi va naqshlarning ixchamligi bilan ajralib turadi. Maqbara Qoraxoniylar davri tarixiy yodgorligi bo‘lib, Ismoil Somoniy maqbarasi uslubida qurilgan. O‘rtasida Mir Said Bahromning qabri bor. Maqbara peshtoqida “Bismillohir rahmonir rahiym” va «Al-Jalol» degan yozuv bitilgan.

Hozirgi davrda bu tarixiy majmua atrofida bog‘ tashkil etilgan bo‘lib, Karmana xalqining navro‘z, mustaqillik va hosil bayramlari shu bog‘da o‘tkaziladi.

Virtual qabulxona